ArMI – 2019. Mudofaa vazirligi “Artilleriya olovi ustalari” jamoasi tantanali ravishda kutib olindi

21

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida «ArMI – 2019» musobaqalarining Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiylarimizni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Artilleriya olovi ustalari» bellashuvlarida o‘zbekistonlik harbiylar o‘tgan yilgi muvaffaqiyatli ishtirok tasodifiy emasligini isbotlashdi. 12 davlat vakillari qatnashgan musobaqada artilleriyachilarimiz faxrli 3-o‘rinni egallab qaytdilar. Bundan tashqari vakillarimizning individual mahorati har tomonlama raqib jamoalari a’zolari tomonidan e’tirof etilgani e’tiborga molikdir.

– Musobaqada umumjamoa hisobida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishimizdan tashqari yigitlarimiz o‘zlarini har tomonlama ko‘rsatganligini ta’kidlamoqchiman, – deydi serjant Farrux Odilov. – Shaxsan o‘zim «Eng yaxshi mexanik-haydovchi» nominatsiyasi g‘olibi sifatida taqdirlandim. Bundan tashqari shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar Shuhrat Abdujabborov (texnik tayyorgarlik), Furqat Qurbonov (eng yaxshi granatamyotchi) va Shahzod Yaxshiboyev (Eng yaxshi mergan) o‘z nominatsiyalari bo‘yicha musobaqa tashkilotchilarining e’tiborini qozonishdi. Ketma-ket ikkinchi yil sovrindorlar qatoriga kirib, mustaqilligimizning 28 yilligi oldidan yurtimizga yorug‘ yuz bilan kirib kelganimizdan mamnunmiz.

Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng Qurolli Kuchlar davlat muzeyida harbiylarimiz, ularning yaqin qarindoshlari, faxriylar hamda Mudofaa vazirligi mas’ullari ishtirokida tadbir tashkil etildi. Yig‘ilganlar musobaqa qatnashchilarini erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. Yig‘ilish yakunida artilleriya qo‘shinlari qo‘mondoni erishilgan yutuqda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan barcha harbiylarga tashakkur bildirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti