“Harbiy-tibbiy estafeta”: jamoalar g‘oliblik sari dadil odimlamoqda

2

“Forish” tog‘ poligonida V “Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” doirasida o‘tkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida “Jamoaviy birinchilik” sharti bo‘yicha 11 mamlakat tibbiy xizmat harbiylari (erkaklar va ayollar) shifokorlik malakasi namoyishi bosqichida tib ilmiga oid bilimlarini ko‘rsatdi.

Unda ishtirokchilar tibbiyot manekeniga yurak yopiq massaji bilan sun’iy nafas berish, yurak eshitish va ritmini aniqlash, kardiogramma (EKG)ga asosan tashxis quyish, emlash, maxsus manekenning kesilgan joyini tikish hamda Rentgen qog‘ozida aks etgan inson tanasining turli jarohat olgan, singan-chiqqan qismlarini, shuningdek tashqi ta’sirlar orqali potologik holatlar yuz bergan joylarini aniqlash bo‘yicha nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatdi.

Mohir shifokorlardan iborat hakamlar shaxsiy tarkibi ishtirokchilarning shart davomida gigiyena qoidalariga rioya etishidan tortib, eng nozik va murakkab amaliyotlarni to‘g‘ri va muvaffaqiyatli bajarishlarigacha bo‘lgan jarayonlarni nazorat qilib, tezkorlik, aniqlik, oshkoralik mezonlariga ko‘ra baholab bordi.

Ayni paytda “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovi ishtirokchilari eng so‘ngi shart bo‘yicha bahslarga kirishgan. Bahslarning qizg‘in jarayonlari va tanlov natijalari bilan saytimiz orqali xabardor bo‘lib borishingiz mumkin.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti