Kosonsoyda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

321

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni o‘rgatish hamda ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida ham keng qamrovli tadbirlar, xususan,  “Qo‘mondon va yoshlar” hamda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, harbiy qismlarda esa “Ochiq eshiklar kuni” muntazam ravishda o‘tkazilib kelinadi.

Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Namangan viloyati Kosonsoy tumanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bilan boshlandi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Shuxratjon Abdullayev bevosita ishtirok etib, tuman yoshlari bilan ochiq muloqotga kirishdi. Shuningdek, uchrashuvda tuman hokimligi mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi a’zolari hamda mahalla raislari ishtirok etdi.

Suhbat davomida ko‘plab yoshlarning muammolari o‘rganilib, tegishli rahbarlar bilan ularni joyida hal qilish choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, hokimlik va sektor rahbarlari tomonidan 8 nafar talabaga kantrakt shartnomasida ko‘rsatilgan mablag‘ning ma’lum miqdorini to‘lab berish uchun sertifikatlar topshirildi.

Bu kabi tadbirlar Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy garnizonlar kesimida jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati