Harbiy qism psixologik yuklamalarni yechish xonasida – “qisqa muddatli ma’naviy ta’til”

39

Olimlarning qayd etishicha, dunyo ilm-fanlari ichida eng kam o‘rganilgan, tadqiq etilgan sohalardan biri – psixologiya fani ekan. Insonning ruhiy mexanizmlaridagi murakkabliklar: sezgilar, ong ostidagi po‘rtanalar (intuitsiya), tuyg‘ular, zamon va makon, borliq va yo‘qlik tushunchalari negizida tutashuvchi asriy “kalava”larnining “uchi”ni ilmiy jihatdan topish oson emas, albatta. Shunday bo‘lsa-da, insoniyat bu borada qator muvaffaqiyatli tajribalarni sinovdan o‘tkazgan…

Mudofaa vazirligi rahbariyatining tashabbusi bilan 2018-yilda qo‘shinlarning psixologik, ruhiy holatini jismoniy imkoniyatlari bilan mutanosib darajada yuksaltirib borish maqsadida harbiy qismlarda psixologlar ish boshladi.

Bu o‘z navbatida shaxsiy tarkib umum kayfiyatining ijobiyligi, xizmat chog‘ida har qanday vaziyatda qat’iyatli va ruhiy barqarorligi kabi jihatlarning birmuncha yuksalishiga xizmat qilayotir.

Toshkent harbiy okrugining Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida o‘rnatilgan psixologik ko‘mak tizimi, ayniqsa, muddatli harbiy xizmat oddiy askarlari uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, “qisqa muddatli ma’naviy ta’til” bo‘lmoqda.

Harbiy qism psixologi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Asilbek Yaxshiyev tomonidan harbiy qismda yuqori did bilan bezatilgan psixologik yuklamalarni yechish xonasiga nogoh kirsangiz, har qanday kayfiyatda, ruhiy holatda bo‘lmang, bu yerdagi maxsus vositalar, eng muhimi malakali mutaxassis ruhiy holatingizni stabillashtiradi.

– Biz, askarlar ushbu xonaga gohida kelib turamiz. O‘zimizni qiynayotgan, ikkilantirayotgan, bezovta qilayotgan yoki yuqori darajada xizmat o‘tashimizga mone’lik qiladigan biror masala yoki muammoni samarali yechishda bu xona ayni muddao, – deydi oddiy askar Lochinbek Razzoqberdiyev. – Muhimi, bu yerda sirlarimizni eshitadigan, uni saqlay biladigan va to‘g‘ri maslahat, ruhiy madad beradigan mutaxassis bor. Bundan g‘oyatda xursandmiz.
Muddatli harbiy xizmatchilarning aytishlaricha, armiyaning muhim an’anasi – boshliq va bo‘sunuvchi munosabatlari bir necha daqiqaga bo‘lsa-da psixologik yuklamalarni yechish xonasi eshigidan tashqarida qolarkan. Bu ham psixologning yutug‘i!

– Musiqa, so‘z, tasvir, mashg‘ulot orqali ruhiy impuls aksariyat holatlarda samarali hisoblanadi, – deydi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Asilbek Yaxshiyev. – Hamshira bir urinishda bemorning venasiga igna sanchishi qanchalar muhim bo‘lsa, psixolog ham ilk urinishda qarshisidagi insonning qalbiga, ruhiy olamiga yo‘l topa bilishi zarur. Bunda, xushmuomalalik, samimiyat va do‘stona iltifot ko‘rsatish hamda suhbatdoshni tushunayotganingizni bildirish kifoya.

Qurolni yelkalab yurgan o‘g‘lon, uni ishlatish zarur bo‘lgan vaqtda ruhiy jihatdan ham bexato qaror qabul qilishi lozim. Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan harbiy psixologlar ayni barqarorlikni ta’minlaydilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti