Markaziy harbiy okrugi hududidagi maktablarda harbiy vatanparvarlik xonalari yangi koʻrinishda tashkil etiladi

61

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi 1214 ta maktabda harbiy vatanparvarlik va oʻquv qurollarini saqlash uchun maxsus xonalar tashkil etilmoqda.

Endilikda maktablarda yoshlarni chaqiruvga qadar tayyorlash fani xonasi maxsus vositalar bilan jihozlanib, eskicha qolib va yondashuvlar butunlay voz kechiladi.

Bundan bir necha yil oldin mamlakatimizning barcha hududlaridagi maktablarda 10,11-sinflarning tugatilishi bilan oʻquv qurollari va harbiy aslahalar maketlari hamda qurollardan oʻq otish xonalari yoppasiga yigʻishtirib olingandi.

Yoshlar harbiy xizmat haqida toʻliq tushunchaga ega boʻlmay, “Vatanparvar” koʻrsatuvini koʻrib, oʻqituvchilar tomonidan oʻtilgan mavzularni tasavvuriga keltirib, armiyaga borishga odatlandi.

Yaqin ikki yil ichida esa “Xalq va armiya yakdil” degan shior oʻz maʼnosida ishlatila boshlandi. Harbiy texnikalar paradi oʻtkazildi, armiya kuch-qudrati namoyish etilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 868-sonli qaroriga muvofiq, maktablarda maxsus harbiy vatanparvarlik xonalari tashkil etilib, 90 turdagi oʻquv koʻrgazmali harbiy qurol va aslahalar bilan taʼminlanadigan boʻldi.

Bungacha, maktablarda chaqiruvga qadar tayyorlash fanlari 10-sinf oʻquvchilariga 68 soat va 11-sinflarga esa 51 soat vaqt ajratilib, darslar koʻrgazmali vositalarsiz nazariy tashkil etilib, yakunda esa 3 kunlik dala yigʻini oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, tashkil etilmadi. Endilikda mazkur jarayon Mudofaa ishlari boshqarmasi va boʻlimlari tomonidan nazorat qilinadi.

Hozirgi vaqtga kelib, Samarqand shahridagi mudofaa ishlari boshqarmasi hamda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda qariyb 1 milliard soʻmlik buyuk siymolar hamda qurol-aslaha tasviri aks etgan stendlarning bir qismi 200 dan ziyod maktablarga yetkazildi. Oʻquv qurollari, harbiy aslahalar maketi va boshqa turdagi vositalarni yetkazilish muddatlari haqida kelishib olindi.

Shuningdek, viloyatdagi umumtaʼlim maktablardagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinf xonalarining oʻquv moddiy bazalari oʻrganilib, zaruriy vositalar bilan taʼminlash qatorida, harbiy xizmatchilar tomonidan Vatan himoyasi yoʻlida jon fido etgan oʻgʻlonlarga bagʻishlangan, jasorat oynasi tashkil etilmoqda.