Oʻzbek xalqining unutilmas qahramonliklari va jasorati tahlillariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi

0
5934

Bugun, 6-may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi hamda Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarni eʼzozlash – Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri” mavzusida seminar tashkil etildi.

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida boʻlib oʻtgan mazkur anjumanda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burhonov, mudofaa vazirining oʻrinbosari H. Qarshiyev, Ichki ishlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari professorlari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda soʻz olganlar Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk gʻalabaning 77 yillik shonli bayrami, dahshatli urush taassurotlari, insoniyatga kulfat olib kelgan toʻqnashuvlar, ota-bobolarimizning mislsiz jasoratlari haqida yangi izlanishlar, maʼlumotlarni keltirib oʻtishdi.

Darhaqiqat, Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Xususan, yangi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlangani, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilganini, 451 ming nafar yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida eʼtibordan chetda qolgani aytib oʻtildi.

Ushbu anjuman bir-biridan yangi faktlar va maʼlumotlarga boyligi, Ikkinchi jahon urushiga oid muhim izlanishlar natijalarini professor-olimlar tomonidan tahliliy ravishda eʼlon qilingani bilan ahamiyatli boʻldi.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti