Zarafshonda sayyor qabul: Harbiy xizmatchilarning aksariyat muammosi joyida hal etildi

6

Bugun, 11-iyul kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas’ullardan iborat ishchi guruh  Navoiy viloyati Zarafshon tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Tashkil etilgangan sayyor qabulda Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh ofitserlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlarini o‘rganib, ularga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ish olib bordi.

Shuningdek, general-mayor Azizbek Ikramov Zarafshon tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun forma tikishga mo‘ljallangan tikuv sexini borib ko‘rdi. Yaqinda ochilgan mazkur tikuv sexida sabab 6 nafar harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i ish bilan ta’minlangan. Mudofaa vazirining o‘rinbosari bu yerda mehnat qilayotganlar bilan suhbatlashib, ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Ta’kidlash kerakki, Zarafshon garnizonida 400 dan ortiq harbiy xizmatchi o‘z oilasi bilan yashaydi. 121 nafar harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i ish bilan ta’minlangan bo‘lib, 76 nafari ishchiz hisoblanadi. 200 ga yaqin harbiy xizmatchining rafiqasi bola tarbiyasi bilan band bo‘lsa, 8 nafari hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.

Sayyor qabul jarayonida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda zahiraga bo‘shatilgan harbiylar va faxriylarning murojaatlari tinglandi, aksariyat qismining muammolari joyida hal etildi. Jumladan, salomatlikni tiklash bilan bog‘liq murojaatchilarga tibbiyot muasassalariga yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muasassasiga joylashtirish bo‘yicha tushgan murojaatning bir nechtasi joyida hal etildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha esa huquqiy maslahatlar ham ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vaziri o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruh 12-iyul kuni Navoiy shahrida sayyor qabul o‘tkazadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti