Bo‘lajak harbiy chavandozlar sertifikat oldi

53

Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasining chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida ilk bitiruvchilarga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, markaz bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda Janubi-operativ yo‘nalish boshqaruv guruhi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik V.Dadajonov, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Yu.Bekpo‘latov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi mas’ul xodimi P.Jo‘rayev va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tinch, osuda hayotimizni ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2018-yil 12-dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi huzurida yangidan chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi tashkil etilib, bo‘lajak muddatli harbiy xizmatchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklarini mukammal egallashi uchun keng imkoniyat yaratildi. Fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlash, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ko‘lami kengaytirildi.

– O‘quv kurslarimizda yoshlarning harbiy-texnik mutaxassisliklarni mukammal o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda, – deydi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi boshlig‘i, podpolkovnik Sh.Azizov. – Faoliyatimizni boshlagach, Milliy gvardiya va Chegara qo‘shinlari harbiy qismlari uchun chavandozlik yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Bu yo‘nalishda 40 nafar yigit o‘qib, qisqa vaqtda soha sirlarini chuqur o‘zlashtirib oldi, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldi. Ular kelgusi yil harbiy safarbarlik xizmatiga chaqiruv mavsumida tegishli sinovlardan o‘tgach, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga yo‘l oladi.

Tadbirda markazni muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga sertifikatlar tantanali topshirildi.

– Oilada uch o‘g‘ilmiz, – deydi Sherobod tumanidagi Buyuk ipak yo‘li mahallasida yashaydigan O.Usmonov. – Akam harbiy sohada xizmat qilmoqda. Men ham harbiy bo‘lishni ko‘nglimga tugib yurgan edim. Markazda o‘qib, chavandozlik mutaxassisligini yaxshi o‘zlashtirib oldim. Maxsus sertifikatga ega bo‘ldim. Endi bo‘lg‘usi chaqiruv mavsumigacha jismonan toblanib, bilimlarimni yanada boyitaman. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘z orzuimga erishaman. Hayotimni shu soha bilan bog‘layman. Biz, yoshlarga bunday imkoniyat yaratib berilganidan mamnunmiz.

Ayni paytda yangi markazda 50 nafar chaqiriluvchi “B-S” toifasi bo‘yicha haydovchilik kasbiga o‘qimoqda. Kelgusida radioaloqachi, parashyutchi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bunday qulayliklardan yoshlarning ota-onalari va qarindoshlari ham xursand.

– Yoshim 76 da, – deydi Qiziriq tumanidagi Navro‘z mahallasida yashaydigan S.Allayorov. – Kollejni tugatgan nevaram Jahongir harbiy bo‘lishga qiziqadi. U markazdagi ikki yarim oylik chavandozlik kursida o‘qib, shu soha bo‘yicha mutaxassis, degan sertifikatga ega bo‘ldi. Nasib etsa, bo‘lg‘usi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatga kuzatamiz. Uning niyati ulug‘. Kuch-quvvatini Vatan himoyasiga sarflashga ahd qilgan. Bizning davrimizda yoshlarga bunday imkoniyat ham, sharoit ham yo‘q edi. Buning uchun davlatimizga ming rahmat.

Tadbir yakunida o‘quv kursini a’lo baholarga tamomlagan bir guruh bitiruvchilarga faxriy yorliq va tashakkurnomalar berildi.

O‘zA