Qo‘shinlarda “Psixologik sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida treninglar o‘tkazilmoqda

0
660

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida nizomga zid munosabatlar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni oldini olish, jangovar navbatchilik, batalyon taktik guruhlari tarkibida xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkibning kuchli ruhiy zo‘riqishlarini yechish, stressli vaziyatlardan chiqarish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish maqsadida “Psixologik sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida turli psixologik seminar-treninglar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, tadbirlar Navoiy, Samarqand hamda Jizzax viloyatlari (shahar, tuman)da joylashgan tibbiyot muassasalari, diniy qo‘mita vakillari, psixologik yordam ko‘rsatish markazlarining ushbu sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Navoiy garnizonidagi harbiy qismda “O‘zingga va kelajaginga ishon!” mavzusida tashkil etildi. Unga ko‘ra muddatli harbiy xizmatni yakunlayotgan askarlarga mutaxassislar tomonidan “Hayot – bebaho ne’mat”, “Hayotni sevib yasha!”, “Orzu qilishdan to‘xtama”, “Hech qachon unutma, ortingda oilang kutmoqda” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarining hayotga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida shaxsda mavjud bo‘lgan yoki vujudga keladigan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarini hosil qilishga qaratilgan  bahs-munozara, o‘yin va mashqlar orqali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati