Tashkilotda ustozlar ulugʻlandi

0
437

Mamlakatimiz terma jamoalari uchun sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha minglab yetuk mutaxassislarni tayyorlayotgan, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalayotgan ustozlarni sharaflashga bagʻishlangan tadbir Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashida ham boʻlib oʻtdi.

“Uch avlod uchrashuvi” tarzida oʻtgan tadbirda salkam oʻttiz yillik tarixga ega boʻlgan bu tashkilotning oʻquv-sport texnika klublarida fidoyilik namunasini koʻrsatayotgan ustozlar, tashkilot faoliyatining yuksalishi, taraqqiy etishiga ulkan hissa qoʻshgan faxriylarning mehnati kengash rahbariyati tomonidan ulugʻlandi.

Jumladan, tadbirda 1992-yildan 1999-yilga qadar tashkilotning Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashiga birinchi boʻlib raislik qilgan nafaqadagi polkovnik Maxsetbay Musayev va Amudaryo tumani oʻquv-sport texnika klubi boshligʻi boʻlgan Chyotbay Sabirov kabi faxriylar ham ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini taʼminlash, sportning texnik va amaliy turlariga jalb qilish orqali ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda ommaviy texnik kasblarga tayyorlash boʻyicha muhim vazifalarni ado etmoqda.

  

Bugungi kunda tashkilot oʻquv-sport texnika klublarida “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”, “VS”, “S”, “D” va “Ye” toifalari boʻyicha oʻqitish, “Texnik xizmat koʻrsatish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da vulkanizatorchi, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektrik payvandchi, avtochilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim berish hamda “Murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassislarini tayyorlash kurslari”da yuk ortuvchi transport, avtogidro-podyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskovator texnikalarini boshqarish boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash tizimi sifatli joriy etilgan.

Qolaversa, shahar va tumanlarda joylashgan oʻquv-sport texnika klublarida bugungi kunda 9 mingga yaqin sportga qiziquvchan yoshlarni qamrab olingan. Tashkilot qoshidagi parashyut sporti boʻyicha jami 7 ta sport seksiyalarida 117 nafar yoshlar shugʻullanishi yoʻlga qoʻyilgan. 2021-yil davomida sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha 30 ta respublika miqyosidagi musobaqalar tashkil etilgan. Shuningdek, yoshlar bu yerda aviamodel, kemamodel, avtomotosport, biatlon, triatlon va koʻplab boshqa sport turlari boʻyicha taʼlim berish jarayonini tashkil etib, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazilishiga erishyapti.

Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayramiga bagʻishlangan tadbir davomida bir guruh ustozlar va faxriylarga hududiy kengash tomonidan tashakkurnomalar, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi matbuot xizmati