Surxondaryoda “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi

0
375

1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi barcha muassasalarda “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, tashkilotning Surxondaryo viloyati kengashida boʻlib oʻtgan tadbirda tashkilot tizimida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari, bugungi kunda mehnat qilayotgan tizimdagi tashkilotlar rahbar xodimlari va oʻqituvchilar hamda oʻquv kurslarida tahsil olayotgan oʻquvchi yoshlar, sportchilar, shuningdek, Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan “Everest Surxon” nodavlat-notijorat maktabining harbiylashtirilgan toʻgarak aʼzolari ishtirok etdi.

– Biz ishlagan davrlarda bu tashkilot DOSAAF deb yuritilar edi. 1991-yilda bu tashkilotga birinchi prezidentimiz Islom Karimov tomonidan “Vatanparvar” deb nom berildi. Men shu tashkilotda koʻp yil faoliyat olib bordim va pensiyaga chiqib, hozirda keksalik gashtini surmoqdaman. Meni har doim tadbirlarga taklif etishadi, uyimga yoʻqlab kelishadi. Men bundan xursandman, barchangizdan minnatdorman, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti mehnat faxriysi Safar Jumayev.

Shuningdek, tadbirda soʻz olgan “Vatanparvar” tashkiloti bilan 20 yildan koʻp vaqtda hamkorlikda ish olib borgan mehnat faxriysi Qayum Jumayev ham oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashib, barcha ustozlarni kasb bayramlari bilan tabrikladi.

 

Tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi raisi Zufar Yusupov soʻzga chiqib, barcha yigʻilganlarni ushbu qutlugʻ ayyom bilan tabrikladi. U shuningdek, shu oyda Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida boʻlib oʻtgan 14-Osiyo chempionatida viloyat terma jamoasi aʼzolari Nigina Saidqulova va Nuriddin Nuriddinov ishtirok etib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritgani, ularning bu yutugʻi sport terma jamoasini yuqori oʻringa chiqishini taʼminlaganini bildirdi. Ushbu sportchilarning murabbiysi Ravshan Samadovga muvaffaqiyatli shogirdlar yetishtirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir soʻngida mehnat faxriylari va tizimda faoliyat yuritayotgan bir qator ustoz va murabbiylarga viloyat kengashi tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalar taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati