«Biz qachon xursand bo‘lamiz?»

0
467

«Ustoz va murabbiylar kuni» munosabati bilan Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash bo‘limi vakillari tashabbusi bilan poytaxtimizdagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab internatida «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda maktab jamoasi, ustoz va murabbiylar, mazkur dargohda tahsil olayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbirda Mudofaa vazirligi vakillari maktabda bolajonlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan fidoyi va zahmatkash o‘qituvchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

O‘quvchilar bayram munosabi bilan o‘z kuy-qo‘shiq va she’rlari bilan o‘qituvchilarini tabriklashdi. Ushbu dargohning 9-sinfida tahsil olayotgan Gulshan Olimjonova o‘zining «Ustozlar» qo‘shig‘i bilan yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

– Bugun harbiylarimiz va ularning jamoasi bizning bayramimiz bahonasida maktabimiz bolajonlariga ulkan quvonch berib ketdi, – deydi maktab direktori Rustam Safarov. – Biz qachon xursand bo‘lamiz, qachon shodlanamiz? Qachonki, mana shu bolajonlarimiz yuzida kulgu ko‘rsak, ularni quvontirolsak, o‘shanda o‘zimizni cheksiz baxtiyor his etamiz. Bugun ana shu xursandchilikni bolajonlarimizda ko‘ra oldik. Buning uchun maktabimiz jamoasi nomidan Mudofaa vazirligiga alohida tashakkur aytamiz.

Bayram tadbirida Mudofaa vazirligi Maxsus avariya tiklash boshqarmasining «Impuls» ansambli o‘zining konsert dasturi bilan ishtirok etdi. Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan o‘quvchi yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan maktab jamoasiga mudofaa vaziri o‘rinbosari nomidan alohida «Tashakkurnoma» va esdalik sovg‘alari ham taqdim etildi.

Leytenant Islomjon QO‘ChQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti