“Saylov bilimdonlari” – kursantlar va muddatli harbiy xizmatchilar!

0
582

Bugun,  24 sentabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasi 2-bosqich kursantlari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston — yangicha imkoniyatlar” shiori ostida “Saylovlar — demokratiya ko‘zgusi!” mavzusida saylov qonunchiligi va ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Akmaljon Shokirboyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berarkan, saylov jarayonlarining mazmun-mohiyati, uning ijtimoiy hayotimizda tutgan o‘rni, yurt ravnaqi va mamlakat kelajagi uchun qay darajada muhim ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda jahon tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan “Saylov kodeksi”, nomzodlarning saylov dasturi bo‘yicha joylarga tashriflari, saylov jarayonlarini tashkillashtirish va o‘tkazishning bosqichlari, ularning ma’muriy hududlardagi, xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasidagi ijrosi to‘g‘risida so‘z bordi.

  

Tadbir davomida kursantlar va muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Saylov bilimdonlari” viktorinasi ham tashkil etildi.

Musobaqa shartiga ko‘ra, ishtirokchilar saylovni amalga oshirishning 10 ta bosqichiga oid savollarga javob berib, joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalari, ularning soni va prezidentlikka nomzodlarning targ‘ibot tadbirlari borasida o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdilar.

 

Tadbir ishtirokchilari esa mazkur viktorina orqali saylov qonunchiligi to‘g‘risida qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Barchinoy SINDAROVA,
O‘zJOKU harbiy jurnalistika 2-kurs talabasi