Harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida faxriylar ham faol

0
581

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan joylarda o‘tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha kengashlar faollari ham faol ishtirok etmoqda.

Darhaqiqat, milliy armiyamiz saflarida ko‘p yillar davomida xizmat burchini a’lo darajada bajarib, hozirgi paytda pensiya gashtini surayotgan faxriylarimizning hali ham g‘ayrat-shijoati so‘nmagan. Ko‘p yillik hayotiy tajribalarini ertamiz egalari bilan bo‘lishayotgan nuroniylarning borligi bizning katta yutug‘imizdir.

Jumladan, Qurolli Kuchlar faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik Halim bobo Temirov Denov tumanidagi 83-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilar bilan davra suhbati o‘tkazdi. Faxriy o‘zining harbiy xizmatni o‘tagan davri haqida yosh avlodga hikoya qilib berdi. Bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetib, ona Vatanga sodiq farzand bo‘lib ulg‘ayish kerakligini o‘quvchilarga uqtirar ekan, harbiylik kasbining mashaqqatlari va o‘ziga yarasha ulkan g‘ururi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mazmunli o‘tgan suhbat davomida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida ham qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinmoqda. Xususan, ular Ichki ishlar vazirligining bir guruh faxriylari ishtirokida Ichki ishlar vazirligiga qarashli Qoraqalpoq akademik litseyi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davra suhbati davomida Mudofaa vazirligi, umuman olganda bugungi Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan keng islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratib berilgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib, mamlakatimizda harbiylik kasbiga bo‘lgan hurmat va e’tibor yanada ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.  O‘quvchi yoshlar esa sohaga qiziqishi baland ekanini bildirib, bu bo‘yicha o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni mehmonlardan bilib olishdi.

Xuddi shunday tadbirlar Qoraqalpoq  davlat  universiteti talabalari bilan ham yuqori saviyada tashkillashtirildi. Avlodlar uchrashuvi so‘ngida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestrining konsert dasturi hamda faxriy qorovulning chiqishlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Vatanparvarlik oyliga doirasida o‘tkazilayotgan faxriylar ishtirokidagi tadbirlar vodiyda ham keng qamrovda olib borilmoqda.  Jumladan, Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Toshloq tumani kengashi faollari 4-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, “Vatanga xizmat kilish – burchimiz!”  mavzusida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda faxriylar tomonidan Qurolli Kuchlar tarixi, uning tashkil topishi va shu kungacha erishilgan yutuqlar haqida o‘quvchilarga qiziqarli ma’lumotlar berildi. 

Ana shunday tadbirlarning davomi sifatida Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha Tashkent viloyati Zangiota tumani kengashi vakillari tumandagi 16-sonli umumtalim maktabi  o‘quvchilari bilan poytaxtimizda joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirdi. Ekskursiya ishtirokchilari bog‘ hududida yaratilgan Ikkinchi jahon urushi yillarini eslatuvchi majmualar va “Shon-sharaf” muzeyidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Bu kabi tadbirlar respublika miqyosida davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti