Termiz harbiy prokuraturasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi

0
499

Yaqinlashib kelayotgan 8-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari tashkil etilgan kun hamda prokuratura xodimlari kuni munosabati bilan Termiz harbiy prokuraturasida o‘quvchi yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

Tadbirda Termiz harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, faxriylar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi kursantlari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

O‘quvchi yoshlar va faxriylar Termiz garnizoni harbiy orkestri kuyi sadolari ostida harbiy prokuratura binosiga kirib keldilar va u yerda harbiy prokuror, tergov xodimlarining xizmat xonalari, ularning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so‘ng yoshlarda vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismga tashrif uyushtirildi va u yerda o‘quvchi yoshlarga bugungi kunda harbiy qismlarda mavjud zamonaviy qurol-yarog‘lar va harbiy qismda harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar tanishtirildi.

O‘quvchi yoshlarning madaniy hordiq olishlarini ta’minlash maqsadida harbiy qism madaniyat markazi binosida tashkil etilgan harbiy qism tarixi muzeyiga sayohat va Termiz shahar madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlab kelingan konsert  dasturi namoyish etildi.

Tadbir yakunida harbiy prokuratura xodimlari tomonidan o‘quvchi yoshlar kitoblar bilan taqdirlandilar.

III darajali serjant Akbar AHMYeDOV,
Termiz garnizoni