Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida

0
607

Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarining birida huquqbuzarliklarning oldini olish, shaxsiy tarkib huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirish maqsadida Respublika harbiy prokuraturasi, qo‘mondonlik mas’ul ofiserlari hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi va harbiy avtomobil nazorati xodimlari ishtirokida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Tadbir avvalida, qo‘shinlar qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Tolibjon Mirzayev tomonidan harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, murojaatlarning ijobiy yechimini topishga qaratilgan tadbirlar bilan birga yillik intizom holatining tahlili haqida axborot berilib, yakuniga yetayotgan yil davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning kelgusida oldini olish bo‘yicha aniq manzilli vazifalar belgilab berildi.

Respublika harbiy prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i adliya kapitani Farrux Saitsultanov tomonidan jinoyat, huquqbuzarliklar va intizom buzilish holatlari va ularning salbiy oqibatlari haqida hayotiy misollar orqali tushuntirish berilib, uning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Tadbir davomida yo‘l-transport hodisalari, ularning kelib chiqish sabablari va oldini olish choralari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berish bilan birga, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish lozimligiga to‘xtalib o‘tildi.

Yakunda qo‘mondonlik matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan “Ikki yo‘l” nomli film namoyishi ishtirokchilarni yana bir bor ogohlik va hushyorlikka chorladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti