Mudofaa vazirligi tomonidan jurnalistlar uchun press-tur tashkil qilindi

0
737

Bugun, 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-tur avvalida taklif etilgan jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani uyushtirildi. Unda mudofaa vazirining matbuot kotibi — axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi polkovnik Bahrom Zulfiqorov va vazirlik Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — boshqarma boshlig‘i polkovnik Mehriddin Qo‘chqorov milliy armiyamizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va dolzarb yangiliklar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ul ofiserlardan atroflicha javob oldi.

Shundan so‘ng jarayonlar amaliy tus oldi. OAV vakillari Markaziy Osiyoda yagona hamda mamlakatimizdagi tayanch oliy harbiy ta’lim muassasasi bo‘ylab sayohat qilishdi. Jumladan, harbiy xizmatchilarning sifatli ta’lim olishi hamda xizmatni o‘tashlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, o‘quv-moddiy bazalar, harbiy texnika va qurol-yarog‘lar, kutubxona, sport inshootlari, yotoqxona, oshxona va ovqatlanish ratsionlari, ma’naviy-hordiq olishlari uchun barpo etilgan maskanlar bilan yaqindan tanishishdi.

Bundan tashqari jurnalistlar jangovar texnikalar hamda o‘qotar qurollar trenajyor komplekslarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Jarayonda mutaxassislar ham bevosita ishtirok etib, harbiy texnikalarni boshqarish hamda elektron tirda nishonlarga o‘q otish bo‘yicha press-tur ishtirokchilariga ma’lumot va ko‘nikmalar berib o‘tdi.

Mehmonlar uchun kutilmagan tarzda uyushtirilgan Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan jahon klassikasi va milliy estrada kuy-qo‘shiqlari va kursantlar ishtirokidagi qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari ayniqsa, jurnalistlarni hayratga soldi.

Ana shunday kutilmagan voqealarga boy bo‘lgan bugungi kun press-tur ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti