Janubdagi harbiy qismlarda o‘quvchi yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi

0
681

Harbiy qismlarda ochiq eshiklar kuni tadbirlaridan biri Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrobod va Kakaydi qo‘rg‘onlarida Qurolli Kuchlarimizning 30 yilligi munosabati bilan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida bo‘lib o‘tdi.

Unda Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, tuman xalq ta’limi bo‘limi, faxriylar hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

O‘quvchi yoshlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy qurol-yarog‘lar, muhandislik anjomlari, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Denov tumani bo‘limining texnikalari hamda ajdodlarimiz Zahiriddin Muhammad Bobur, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi temaktik o‘quv sinflari, kompyuter xonalari va o‘quv trenajyorlar bilan tanishdilar.

– Bugungi tadbir biz uchun juda mazmunli bo‘ldi, chunki biz harbiy qismda yaratilgan shart-sharotilar bilan tanishar ekanmiz, harbiy xizmatchilar foydalanayotgan o‘quv binolarining shinamligi, buyuk bobokalonlarimizning tematik o‘quv sinflari ham bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Men ham kelajakda harbiy akalarim singari Vatan himoyachisi bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Bunyod Eshmurodov.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki hayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor yoshlarni tarbiyalashda hissa qo‘shish, ularning vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish, Vatanga muhabbat, harbiy xizmatga qiziqishlarini oshirishdan iboratdir.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni