Navoiyda uch avlod vakillari ishtirokida festival bo‘lib o‘tdi

0
644

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonida pensiyadagi harbiylar, Mudofaa ishlar boshqarmasi, safarbarlik chaqiruv rezervi yig‘ini ishtirokchilari hamda viloyatdagi kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda Konimex tumanidagi 7-umumta’lim maktabida harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Unda so‘z chiqqan faxriylar butun yurtimiz bo‘ylab “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ushbu shior ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning mazmun mohiyati hamda harbiy xizmat muqaddas burch, yuksak sharaf ekanini ta’kidlab, yoshlarni Vatan himoyasiga ruhlantiruvchi iliq fikrlar bildirdi.

Festival doirasida ishtirokchilar o‘rtasida hunarmandchilik, rassomchilik, she’riyat va kitobxonlik tanlovlari hamda sport musobaqalari o‘tkazildi. Bundan tashqari, aholi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy xizmatchilarning harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Festivalga tashrif buyurgan Konimex ahli ham yoshlarning tanlovlardagi musobaqalarini bevosita kuzatib borishdi.

Festival yakunida Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining orkestr jamoasi hamda viloyatning taniqli san’atkorlari Vatanga muhabbatni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlari bilan barchaning ko‘ngliga xushnudlik baxsh etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati