Pastdarg‘om tumani bo‘ylab harbiy vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi

0
765

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda harbiy orkestr jamoasidan iborat vatanparvarlik karvoni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani mudofaa ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda erta tongdan boshlab 4 ta umumta’lim maktablarida harbiy vatanparvarlik festivallarini o‘tkazishdi.

Yoshlar qalbida ona Vatanga bo‘lgan muhabbatni oshirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirda harbiy qism qo‘mondonligi, maktab ma’muriyati so‘zga chiqib, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning eng asosiy vazifalarimizdan bo‘lib qolmog‘i lozim ekanligini aytib o‘tishdi.

Harbiy orkestr jamoasining bayramona kayfiyat ulashuvchi kuy va qo‘shiqlari festivalga yig‘ilganlarning dillarini xushnud etgan bo‘lsa, Qurolli Kuchlar salohiyati hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni barkamol shaxs sifatida kamol topishida ajdodlarimizning ko‘rsatgan jasoratlari haqidagi sahna ko‘rinishlari esa barchaning qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Qo‘l jangi san’atining ko‘rgazmali chiqishlari ham yoshlarda, men ham Vatan himoyachisi bo‘laman, degan orzu-maqsadlarini o‘z oldiga qo‘yishiga xizmat qildi.

Umuman olganda, o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlikka yo‘g‘rilgan festival xalq va armiyani bir-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekanini yana bir bor anglash, har qachongidan ham teran his etish imkonini berdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati