Yoshlar uchun – sharaf, faxriylar va ota-onalar uchun – faxr

0
504

Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Sirdaryo viloyatida joylashgan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat batalonida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri obyektning modernizatsiya va qayta rekonstruksiya qilinganidan so‘ng ochilish kuniga to‘g‘ri keldi.

Obyektda SCHR xizmatchilari bilan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun zamonaviy inshoot va binolar bunyod etildi.
Jumladan, shtab, o‘quv binosi, yotoqxona, oshxona, sport maydonchasi – barchasi zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan. Tantanali marosimda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, harbiy-ma’muriy sektor vakillari, talaba yoshlar, shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yaratilayotgan munosib sharoitlar harbiy xizmatni namunali o‘tash imkonini berayotganini ta’kidladilar. Mehmonlar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi va har bir er yigit armiya maktabini o‘tashi muhimligini e’tirof etishdi.

Qat’iy kun tartibi va intizom, ammo dam olish uchun munosib sharoitlar kafolatlangani, uydan uzoqda oilaviy muhit o’rnini yotoqxonadagi qulaylik egallashi albatta o‘lonlarga manzur bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda harbiy fanlarni o‘rganish, elektron va kitob formatidagi kutubxona, madaniy hordiq chiqarish uchun klub, har kuni vatanparvarlik mavzusidagi filmlar tomosha qilish – bularning barchasi yoshlar uchun – sharaf, faxriylar va ota-onalar uchun – faxr.

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Sirdaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi a’zolari yoshlar bilan suhbatda o‘z kasbini tanlash borasida hali bir qarorga kelmagan yigitlar bilan bunday uchrashuvlarni o‘tkazib borish muhimligini ta’kidladilar. Armiya hayoti bilan tanishish bu yo’nalishda hal qiluvchi omil bo’lishi mumkunligi e’tirof etildi. Tantanali marosim davomida safarbarlik chaqiruv rezervi batalonining namunali xizmat ko‘rsatgan shaxsiy tarkibini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti