Qurolli Kuchlar akademiyasida navbatdagi ochiq eshiklar kuni

0
518

Xabaringiz bor, respublika miqyosida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida yoshlar haftaligi ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida hamkorlikda bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, Qurolli Kuchlar akademiyasida ertamiz egalari ishtirokida o‘tgan navbatdagi tadbir ham ana shunday sa’y-harakatlar sirasiga kiradi.

“Ochiq eshiklar kuni” shaklida o‘tkazilgan tadbir akademiya katta majlislar zalida tarixiy videorolik namoyishi bilan boshlandi. Qiziqarli tomosha va harbiy xizmatchilar bilan bo‘lgan maroqli, ayni damda foydali suhbatdan keyin o‘quvchi yoshlar muassasa bo‘ylab sayohat qilishdi.

Ekskursiya davomida o‘quvchi yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning yashashi va bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar hamda buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodi, harbiy yurishlari aks ettirilgan tematik sinflar bilan yaqindan tanishdi. Milliy armiyamizning kecha va bugunini o‘zida mujassam etgan akademiya muzeyi esa ertamiz egalarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari yoshlar jangovar texnikalar hamda o‘qotar qurollar trenajyor komplekslarida bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Jarayonda mutaxassislar ham bevosita ishtirok etib, harbiy texnikalarni boshqarish hamda elektron tirda nishonlarga o‘q otish bo‘yicha maktab o‘quvchilariga ma’lumot va ko‘nikmalar berib o‘tdi.

Kutilmagan voqealarga boy bo‘lgan “Ochiq eshiklar kuni” o‘quvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti