Urush faxriylari harbiy xizmatchilarning e’zoz va e’tiborida

0
616

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari va Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy bo‘limi vakillari Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan bugungi dorilomon kunlarning sababchisi bo‘lgan jizzaxlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Xolmat bobo Sharipov hamda Abdujalil ota Abdujabborovning holidan xabar olishdi.

Belorussiya va Polshaning bir qator shahar va qishloqlarini bosqinchilardan ozod etishda ishtirok etib, Berlingacha borgan Xolmat bobo hayot-mamot janglari haqida so‘zlar ekan, bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytib, harbiy xizmatchilarning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi va e’tibori uchun behad minnatdor ekanligini qo‘llarini duoga ochib bildirdi.

1943 yilda barcha o‘zbek o‘g‘lonlari singari frontga otlangan Abdujalil ota Abdujabborov ham harbiy xizmatchilarning tashrifidan xursand bo‘lib, o‘zining beg‘ubor damlarini almashgan o‘sha ma’shum urush voqealarini xotirladi hamda bugungi tinch va osoyishta hayotni qadriga yetmoqlikni takidladi.

Harbiy xizmatchilar har ikki qahramonga o‘z sovg‘alarini ulashib, ularning salomatligini yana bir ko‘zdan kechirishdi. Suhbat yakunida bugungi tinch va osoyishta kunlarimizni ta’minlashda qo‘shgan hissasini qadrlab ularga tashakkurlar bildirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati