Yakkabog‘ning olis Toshqo‘rg‘on qishlog‘ida tog‘ pahlavonlarini tayyorlash bazasi ochildi

0
896

Bugun milliy armiyamiz rivojlangan davlatlar armiyalari qatoridan o’zining munosib o’rnini egallab bormoqda. Qurollanish, ilmiy salohiyat, jangovar shaylik kabi barcha jabhalarda o’z qudratini namoyon etmoqda. Bu esa davlatimiz tomonidan mudofaa tizimiga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumanining olis tog’li hududi Toshqo’rg’on qishlog’ida ham tog’ pahlavonlarini tayyorlashga mo’ljallangan “Toshqo’rg’on tog’ tayyorgarlik bazasi” ochilishi yurt himoyachilarining salohiyatini yana bir pog’ona yuksaltirishi tabiiy.

Tantanali ochilish marosimida so’z olganlar ushbu maskan yurtimizning tog’li hududlarini muhofaza qilishga shaylangan o’g’lonlar uchun haqiqiy malaka maktabi bo’lishini alohida ta’kidlashdi.

Bu yerda tog’da jangga tayyorlash uchun tog’ hududida o’quv jangovar vazifalarni bajarishga jalb etiladigan Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugning tog’ o’qchi, razvedka va maxsus operatsiyalar kuchlari batalonlari yil davomida navbat bilan rejali o’qitib boriladi.
Balandlikda joylashgan Toshqo’rg’on tog’ tayyorgarlik bazasi bir vaqtning o’zida 70 nafar yurt himoyachisiga xizmat ko’rsatish qobiliyatiga ega.

Boshqaruv shtabi, o’quv xonalari, yotoqxona, oshxona va yuvinish xonalarida issiq va sovuq mavsum uchun ham birdek sharoit mavjud. Bu esa injiq tog’ iqlimida ham sifatli bilim olish va hordiq chiqarish uchun qulaylik yaratadi.

Jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish uchun ham qishki va yozgi sport maydonchalari bunyod etilib, sport anjomlari bilan to’la jihozlangan.

Maskanning aynan baland tog’lar qo’ynida qad rostlagani nazariy va amaliy bilimlarning bir vaqtda berib borilishi uchun sharoit yaratadi. Baza hududidan uzoq bo’lmagan joylarda tog’da jang olib borish, qidiruv ishlari va yashab qolish konikmalarini shakllantirishga mo’ljallangan turli o’quv nuqtalari joylashgan bo’lib, bu yerda tinglovchilarga malakali yo’riqchilar tomonidan haqiqiy tog’ jangchisi bo’lish hadisi berib boriladi.

Tog’ sharoitida jangovar aslahalar bilan harakatlanish harbiy xizmatchiga birmuncha qiyinchilik tug’dirishi tabiiy. Bu esa daralarda qurol-yarog‘ va anjomlarni tashishda ot-ulovdan samarali foydalanishni talab etadi. Qorli cho’qqilardan tezda tushish va jangovar pozitsiyani egallash uchun esa chang’i va poraplan kabi ekstremal vositalardan foydalanish ilmi asqotadi. Kurs davomida bu saboqlar ham harbiy xizmatchilarga o’tilajak dars jadvalidan o’rin olgan.

Muxtasar aytganda, ushbu tog’ tayyorgarlik bazasining infrotuzulmasi puxta reja asosida ishlangan bo’lib, o’quv kursi davomida harbiy xizmatchini burgut ko’z, arslon panja etib tarbiyalashi shubhasiz.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati