Nukusda harbiylar “jangovar otlar” bilan bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda

0
694

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab har yili Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida «Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun» musobaqasining o‘tkazilishi harbiy kasb egalarining jangovar shayligini yanada ko‘tarishga, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini oshirishga, harbiy okruglar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘z kasbiga bo‘lgan hurmatni yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu musobaqalar har yili qo‘shinlar jangovar shayligi va operativ tayyorgarligi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, qo‘shinlar xizmati, harbiy intizom holati, milliy sport o‘yinlari hamda milliy qadriyatlar yo‘nalishida yig‘ilgan umumiy ballarning natijasi bo‘yicha baholanadi.

Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ sarkardalarimizning jangovar san’at ilmi va taktik mahoratini chuqur o‘rganish va avlodlarimizga yetkazish, qo‘shinlarda chavandozlik tayyorgarligini yuksaltirish, o‘tuvchanligi og‘ir bo‘lgan tog‘li va cho‘l sharoitlarida jangovar vazifalarni sifatli bajarishga o‘rgatish maqsadida milliy sport o‘yinlari qatoridan chavandozlik bellashuvi ham o‘rin olgan.

Ta’kidlash joizki, Xalqaro armiya o‘yinlarining 2020 va 2021-yillardagi musobaqalarda faol ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari “Otliq marafoni” yo‘nalishida ikki yildan beri faxrli ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Darvoqe, musobaqaning ushbu yo‘nalishi aynan 2020-yildan boshlab o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, undagi debyut ishtirokida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli natijalarni qayd etishni boshlagan edi.

Armiyamizda yangilik sifatida kiritilgan chavandozlik bellashuvida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug nomidan Nukus garnizonidagi harbiy qism chavandozlari ishtirok etib, harbiy okrug sharafini himoya qilish uchun astoydil harakatni boshlagan. Jumladan, maxsus belgilangan maydonda tajribali yo‘riqchilar yordamida ishtirokchi jamoa har kuni chavandozlik mahoratini oshirib, musobaqaga shiddat bilan hozirlik ko‘rib kelmoqda. Maqsad bitta – g‘olib bo‘lish!

Eslatib o‘tamiz, «Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun» musobaqasining Chavandozlik bellashuvi qo‘shinlarimizda birinchi bor o‘tkaziladi. Unda harbiy xizmatchilar jamoa bo‘lib ot minish, harbiy chavandozlar, chavandozlik estafetasi kabi yo‘nalishlarda o‘zaro bellashishi belgilangan.

Birinchi mashqda harbiy chavandozlar qisqa vaqt ichida otni ushlab, egarlashi va so‘ngra uni minib 200 metr masofaga yugurib borishi kerak bo‘ladi. Ikkinchi mashqda Jaloliddin Manguberdi izdoshlari 4 ming metr masofaga yugurib, maxsus mashqlarni bajarishi kerak. Bunda kolonna va sherengada yurish, bir metr balandlikdan va kengligi 2 metr bo‘lgan xandakdan sakrashi, chegaralangan to‘siqlardan o‘tishi hamda boshqa to‘siqlarni jangovar otlar bilan yengib o‘tishi nazarda tutilgan. Uchinchi shartda ishtirokchilar chavandozlar estafetasida bellashib, o‘z mahorati va chaqqonligini namoyish etishi kerak bo‘ladi.

Ushbu musobaqa ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan chavandozlik milliy sport o‘yinining endilikda armiyada ham ommalashishiga xizmat qiladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati