Sariosiyo yoshlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi

0
3479

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 1-sektor hududida otaliqqa olingan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ijtimoiy masalalarini ijobiy hal etish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi.

Tadbirda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi mas’ul ofitserlar, Sariosiyo tuman hokimligi, tuman mudofaa ishlari boʻlimi vakillari, 1-sektor hududidagi 21 mahalla yoshlari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda dastlab, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, oliy harbiy taʼlim muassasalariga saralash bosqichlari va harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, yoshlarga yot gʻoya va qarashlarning salbiy taʼsiriga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish borasida tegishli maslahatlar berildi.

Ochiq va samimiy oʻtgan muloqotlar davomida yoshlar bandligini taʼminlash, profilaktik hisobdan chiqarish kabi masalalari koʻrib chiqildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti