Poytaxtimizning Sergeli va Olmazor tumanlarida Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan harbiy-vatanparvarlik majmuaviy sport musobaqalari boʻlib oʻtdi.

0
3828

“Bir boʻlsak, yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda yoshlar harbiylashtirilgan estafeta, arqon tortish musobaqalarida, “Zakovat” intellektual oʻyinida, “Mardlar safidaman!” nomli qoʻshiq tanlovida oʻzaro bellashdilar. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni manzilli va maqsadga yoʻnaltirilgan holda tashkil etish boʻyicha davlatimiz rahbari qoʻygan vazifalar ijrosi boʻyicha oʻtkazilayotgan mazkur tadbirlarga asosan, probatsiya nazoratidagi hamda profilaktik hisobda turgan, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan, bir soʻz bilan aytganda, hayotda oʻz oʻrnini topa olmayotganlar jalb etildi.

Qoʻyilgan topshiriqqa muvofiq HHM qoʻshinlari va HHK qoʻmondonligiga respublika boʻyicha 1-sektorlar kesimida 120 mingdan ortiq yoshlar biriktirilgan boʻlsa, shu davrgacha otaliqqa olinganlar bilan 5 mingdan ziyod harbiy-vatanparvarlik, sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Yoshlarning bevosita ishtiroki bilan davom etayotgan ushbu musobaqa, bellashuv va maʼrifiy tadbirlarda asosiy eʼtibor Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, yurt tinchligini asrash, ularda Vatan ravnaqi uchun faol boʻlishga undaydigan ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni qaror toptirishga qaratilmoqda.

– Vatanparvarlik yoshlarda fuqarolik burchi, shaxsiy masʼuliyat hissi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini, faol hayotiy pozitsiya va qatʼiy eʼtiqodini, kasbiy mahoratini shakllantiradigan qudratli vositadir. Shuning uchun alohida eʼtiborga muhtoj va jinoyatchilikka moyil yoshlarga yordam koʻrsatish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ularni ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish, samimiy muloqotlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali ularda sogʻlom fikrlashni yuzaga chiqarish, atrofda boʻlayotgan hodisalarga teran munosabatda boʻlish, mustaqil fikrlashga oʻrgatish, vatanparvarlik tarbiyasiga jiddiy kirishganmiz, – deydi HHM qoʻshinlari va HHK qoʻmondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Botir Qoʻziyev.

Musobaqalar yakunida gʻoliblar va faol ishtirokchilar qimmatbaho va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti