Sharqiy harbiy okrugda mahalla yoshlari harbiylashtirilgan estafetada bellashdi

0
3763

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni raisligida joriy yil 12-yanvarda o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishda Mudofaa vazirligiga 1 mln yoshni otaliqqa olish hamda ular bilan manzilli ishlash topshirig‘i qo‘yilgan edi.

Unga muvofiq Mudofaa vazirligiga respublikamiz bo‘yicha 1 sektor kesimida 2 ming 547 ta mahalladagi yoshlar otaliqqa olinib, ular bilan samarali ishlarni tashkil etish uchun hududiy shtablar tuzildi. Mahallalar yettiligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda navqiron avlod vakillari ishtirokida turli xil madaniy-ma’rifiy va harbiy-vatanparvarlik tadbirlari takshil etilyapti.

Ana shu amaliy ishlar davomi sifatida ayni kunlarda barcha hududlarda Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida mahalla yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Sharqiy harbiy okrugda bo‘lib o‘tgan bahslarda yoshlar o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi.

Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida hamda So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda mahalla yoshlari g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

Xususan, Rishton tumanida bo‘lib o‘tgan harbiylashtirilgan estafeta shartlarida 19 ta jamoa bellashdi. Yakunda Dutir mahallasining “Lochinlar” jamoasi III, “Avazboy” mahallasining “Qaytmas” jamoasi II o‘rinni egalladi. Kuch va imkoniyatlarini yuqori darajada namoyon etgan “Gumbaz” mahallasining “Shunqorlar” jamoasi esa musobaqa g‘olibiga aylandi.

Yoshlarning jismoniy holatlarini sinovdan o‘tkazadigan bellashuvlar qatnashchilarda jamoaviy birdamlikni ham yanada mustahkamladi. So‘x tumanidagi qizg‘in bellashuvlarda pnevmatik quroldan otish hamda turnikka tortilish kabi bir-biridan murakkab, ammo qiziqarli shartlarda ham navqiron avlod vakillari o‘zlarining merganlik mahoratiyu jismoniy tayyorgarligini namoyish etdi.

Shiddatli, shu bilan bir qatorda, murosasiz kechgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, mazkur tumanda bo‘lib o‘tgan musobaqada “Lenbur” mahallasi yoshlaridan iborat jamoa g‘olib deb topildi.

Yakunda g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Endilikda tuman va shahar bosqichlaridan muvofaqqiyatli o‘tganlar viloyat bosqichida kuch sinashadi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati