Termiz shahrida yoshlar o‘rtasida majmuaviy sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi

0
3710

Respublikamizda 2024-yilning iyul-avgust oylarida Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan bir million yoshlar o‘rtasida “Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy va harbiylashtirilgan sport tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur rejaga asosan Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, Termiz sahar hokimligi, Surxondaryo viloyati Yoshlar ittifoqi hamkorligida 1-sektorda joylashgan 9 ta mahalladagi otaliqqa olingan hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida garnizonda joylashgan harbiy qismda majmuaviy musobaqaning birinchi (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi va saf maydonida tadbirning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Unda yoshlarga faxriy qorovul chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan madaniy dastur namoyish etildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar harbiy-amaliy sportdagi qobiliyatlari hamda bilimlarini sinovdan o‘tkazish uchun “Harbiylashtirilgan sport estafetasi”, “Arqon tortish” va “Zakovat” intellektual o‘yinlarda bellashuvga kirishdi.

Shiddatli, shu bilan birga, murosasiz kechgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:

1-o‘rin “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasi jamoasiga;

2-o‘rin “Guliston” mahallasi jamoasiga;

3-o‘rin esa “Guli Ra’no” mahallasi jamoasiga nasib etdi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamolar diplom va qimmat baho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Endilikda musobaqada birinchilikni egallagan “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasi yoshlari viloyat bosqichida ishtirok etib, o‘z hududlari sha’nini himoya qiladi.

 

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug Matbuot xizmati