Yosh ofitserlar Samarqandning boy tarixini o‘rgandi

0
973

Markaziy harbiy okrugda joriy yil Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalarini tamomlab, okrug qo‘shinlarida xizmat faoliyatini boshlagan yosh ofitserlar bilan o‘quv-uslubiy yig‘in boshlandi.

Okrug qo‘mondonligi tomonidan yosh ofitserlarni komandirlik lavozimlarini qabul qilib, qo‘l ostidagi shaxsiy tarkibning doimiy jangovar shayligini ushlab turish kabi mas’uliyatli vazifaga kirishishi oldidan yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarishga tez kirishib ketishi uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Kuni kecha leytenantlar uchun ko‘hna va navqiron bo‘lgan Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va yodgorliklar bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilar dastlab Behbudiy va uning zamondoshlarining hayoti, ijodi va faoliyatini o‘rganish maqsadida u yashagan uy-muzeyini ziyorat qildi.

Unda harbiy xizmatchilar “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali asoschisi, jadidchilik harakati yetakchisi Mahmudxoʻja Behbudiyning ijodi va hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga, oʻsha davr madaniyati, maʼrifati, ilm-fan rivojiga hissa qoʻshgan bir qancha maʼrifatparvar olimlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari va obidalari bo‘ylab sayohat qilib, bilimlarini yana bir karra mustahkamladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati