Nukus garnizonidagi harbiy qismda “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi

0
834

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida ijodkorlar bilan “Ma’naviyat festivali” tashkil etildi.

Unda falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Shahlo Ahrorova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Chorsham Ro‘ziyev, teatr aktyori Shukurjon So‘fiyev, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy maqom markazi va estrada xonandalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijodkorlari yurt himoyachilari va ularning oila a’zolari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.

So‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizning ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlari, yoshlarimiz uchun kun sayin keng imkoniyatlar eshigi ochilayotganini e’tirof etdi.

Mehmonlar bugun aholi va ayniqsa, yoshlar ongini milliy mentalitetimizga xos bo‘lmagan g‘oya va mafkuralardan ximoyalanishga, “Ommaviy madaniyat” niqobi ostida jamiyat ichiga g‘arazli g‘oyalarni tarqatishga bo‘lgan urinishlar sabab hammani ogoh va xushyor bo‘lishga, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga chaqirdi.

Ochiq davra suhbatidan so‘ng san’at ustalari tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati