Taxtako‘pir tumanining olis ovuliga harbiylarning “Saxovat karvoni” yetib bordi

0
591

Olis manzillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust bo‘lgan qishloq va ovul ahliga amaliy yordam ko‘rsatish, ular holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumani markazidan 20 kilometr masofada joylashgan “Janadaryo” ovuliga tashkil etilgan “Saxovat karvoni” armiyaning xalq bilan yakdilligini amalda namoyon etdi.

Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida harbiy okrug tomonidan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi eng olis ovul va qishloqlarga an’anaviy tarzda mehr-saxovat aksiyalari tashkil etib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlar doirasida Taxtako‘pir tumanining Janadaryo ovulida aholi salomatligini mustahkamlash, ularga beriladigan tibbiy maslahat va muolajalar sifatini oshirish maqsadida Nukus harbiy gospitali, shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlaridan iborat tibbiy brigada tomonidan aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklari o‘tkazildi. Harbiy shifokorlar maxsus texnikalar yordamida ovulda istiqomat qiluvchi jismoniy imkoniyati cheklangan vatandoshlarimizning xonadonlariga tashrif buyurib, ularga tibbiy xizmatni ko‘rsatdi. Tadbir davomida 200 nafarga yaqin fuqarolar malakali tibbiyot mutaxassislarining ko‘riklaridan o‘tishi, laborator tekshiruvlari va beg‘araz tibbiy maslahat olishlari imkoniga ega bo‘ldi.

Nukus shahridan kolonna bo‘lib yo‘l olgan “Saxovat karvoni” Taxtako‘pir tuman hokimligi mutasaddilari, Nukus harbiy prokuraturasi vakillari hamda Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha hududiy kengash a’zolari bilan hamkorlikda ovulga tashrif buyurib, u yerda ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan yurtdoshlarimizga mehr-saxovat ulashdi.

Xalqimizni yanada birlashishga, bahamjihat bo‘lishga undayotgan ushbu gumanitar aksiya doirasida Janadaryo ovulidagi 30 dan ortiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan aholiga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamda xizmat muddatini o‘tagan bo‘lsa-da, ammo yaroqli holda saqlangan mebel jihozlari tarqatildi.

Janadaryo ovulidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda ovul markazida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri hamda tuman madaniyat xodimlari ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishlab, aholining madaniy hordiq olishini ta’minladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi va saf elementlaridan iborat chiqishlari, ayniqsa, bolalar va yoshlarda katta taassurotlar qoldirib, ularda harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Bu kabi xayrli ishlar boshqa ovullarni ham keng qamrab olishi rejalashtirilmoqda.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug  Matbuot xizmati