«Quvnoqlar va zukkolar» jamoaviy o‘yinlarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
961

Bugun, 11-dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar o‘rtasida «Quvnoqlar va zukkolar» jamoaviy o‘yinlarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Bellashuvlarda jamoalar tanishtiruv, videoklip va musiqali uy vazifasi shartlari bo‘yicha kuch sinashdi. Hakamlar hay’ati jamoalarning chiqishlarini baholashda hazil-mutoyibalarning dolzarbligi, yorqinligi, yangiligi, musobaqa mavzusiga asoslangani, tomoshabopligi, ishtirokchilarning ijro mahorati, sahna madaniyatiga rioya etishlari, musobaqaning talab va qoidalariga qat’iy amal qilishlari kabi mezonlarga asoslanishdi.

Qizg‘in bahs-munozara va samimiy yumorga boy bo‘lgan musobaqalarda barcha ishtirokchi jamoalar g‘oliblik uchun astoydil harakat qilishdi. Bu ezgu intilish ishtirokchilarning har bir chiqishlarining rang-barangligini ta’minladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ajoyib bellashuv bo‘ldi. Hakamlar hay’ati munosiblar ichidan eng munosiblarni aniqladi. Unga ko‘ra, harbiy qismlar o‘rtasida Toshkent harbiy okrugining «Olovli qalqon» jamoasi 1-, Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining «Fidoyilar» jamoasi 2-, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy Havo kuchlari qo‘mondonligining «Osmondagi shovvozlar» jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida esa Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining «Quvnoq tankchilar» jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Qurolli Kuchlar akademiyasining «O‘zbegim» jamoasi, 3-o‘rinni esa O‘zbekiston Respublikasi Aviatsiya oliy harbiy bilim yurtining «Oltin qanot»jamoasi egalladi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti