Bitiruvchilarga diplom va harbiy unvonlar topshirildi

0
1760

Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasida bitiruvchilarga diplom va harbiy unvonlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Nosir Fozilov, shuningdek, vazirlik va akademiya mas’ul ofitserlari, bitiruvchilar, ularning yaqinlari hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida dastlab mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra, akademiyani tamomlagan bitiruvchilarga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Maʼlumki, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va topshiriqlariga asosan tashkil etilgan mazkur oliygoh Markaziy Osiyo mintaqasida tibbiyot sohasiga oid yagona oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ushbu muassasada Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalining moddiy-texnik bazasi va malakali tibbiy mutaxassislarini oʻquv jarayoniga jalb etish orqali nazariya bilan amaliyot uygʻunligi taʼminlangan.

Akademiyaning asosiy faoliyat yoʻnalishi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy shifokorlarni tayyorlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda harbiy tabbiyotning dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishdan iboratdir. 

Tadbirda akademiya faoliyati haqida alohida toʻxtalib oʻtilib, shu kungacha erishilgan yutuqlar alohida eʼtirof etildi. Shu asnoda mehmonlar harbiy tibbiyotning istiqboli boʻlgan bitiruvchilarni ushbu unutilmas sana bilan qutlab, ularning kelgusidagi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti