Harbiylar imkoniyati cheklangan yoshlar holidan xabar oldi

0
553

Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Samarqand viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasiga qarashli 61-sonli eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislar tayyorlash markazi harbiy xizmatchilari tomonidan “Mehrli qo‘llar mehr ulashmoqda” shiori ostida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Markaz harbiy xizmatchilari tomonidan o‘quvchilarga maxsus kitoblar jamlanmasi tuhfa etildi. Shuningdek, harbiylar o‘quvchilarning o‘z qo‘llari bilan yaratgan besh tashabbus doirasidagi ijod namunalari bilan yaqindan tanishdi. Eshitishda nuqsoni bo‘lishiga qarasmasdan ularning qo‘l mehnati bilan yasagan ijod namunalari harbiylarimizda katta taassurot qoldirdi.

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlarida katta ahamiyat kasb etadi hamda mehr-oqibat, odamiylik, ezgulik kabi fazilatlarni kuchaytirishi bilan birga barchani xayrli va savobli ishlarga undaydi.

Kichik serjant Xayrullo O‘LMASOV