“Birlestik-2024”: “Oymasha” poligonida hamkorlikdagi o‘quvlar o‘tkazildi

0
1031

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Qozogʻiston Respublikasida o‘tkazilayotgan “Birlestik-2024” mintaqaviy xalqaro o‘quvlarida ishtirok etayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kuni kecha “Oymasha” poligonida birlashgan qoʻshinlar guruhi amaliy jarayonlarda o‘z imkoniyatlarini namoyish etdilar.

Jarayonlarni bevosita kuzatish uchun O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qozog‘istonga tashrif buyurdi.

“Oymasha” poligonida boʻlib oʻtgan mazkur harakatlar doirasida ishtirokchi davlatlarning harbiy xizmatchilari 17 ta taktik epizodni namoyish etdilar. Ularning barchasi yagona oʻquv-jangovar vazifa —noqonuniy qurolli guruhlarni aniqlash, qurshab olish va yoʻq qilishga yoʻnaltirildi.

Shartli jangarilarning tayanch hududlari, pozitsiyalari va ularning oldinga harakatlanish marshrutlarini aniqlash ishlari qiruvchi samolyotlar ekipajlari, uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan amalga oshirildi. Aniqlangan nishonlar joylashuvi artilleriyadan oʻqqa tutish natijasida toʻxtatildi. Shartli dushman pozitsiyalaridan uchirilgan uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari esa koʻchma zenit raketa komplekslari va zenit qurilmalari yordamida radioelektron kurash vositalari bilan hamkorlikda bartaraf etildi.

Operatsiyaning muvaffaqiyati oldindan qulay pozitsiyani egallagan taktik havo desanti kuchlarining jangga kiritilishi, shuningdek, aralash aviatsiya guruhining zarbalari bilan rivojlantirildi. Keyingi harbiy manyovrlar Kaspiy dengizi sohilida va Tokmak burni yaqinidagi dengiz hududida davom etdi.

Bugun, 17-iyul kuni Mang‘iston viloyatida “Birlestik-2024” taktik-tezkor qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti