Taxiatoshda harbiy navolar yangradi

0
816

Yoshlar tarbiyasi, ularda vatanparvarlik, Vatanni sevish, yaqinlarini ardoqlash, insoniylik kabi tuygʻularni shakllantirish – har bir xalqning, har bir davlatning dolzarb va muhim vazifalaridan hisoblanadi. Ularga bu tuygʻularni singdirish turli yoʻllar orqali, tizimli ravishda olib borilsagina, maqsadga erishiladi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida faol boʻlib kelayotgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Nukus harbiy prokuraturasi bilan hamkorlikda “Vatanparvarlik karvoni”ning safari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Taxiatosh tumanidan boshlandi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri tomonidan aholiga tashkil etgan konsert dasturi, milliy kuy va harbiy navolar taxiatoshliklarning kayfiyatini koʻtarib, ularga bayram kayfiyatini bagʻishlagan boʻlsa, muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan faxriy qorovul vzvodi va qoʻl jangi elementlari bilan chiqishlari, ayniqsa, yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shuningdek, holi salomatligini tiklash, ularga tibbiy muolaja va sifatli maslahatlar berishni maqsad qilib kelgan Nukus harbiy gospitali mutaxassislaridan iborat tibbiyot brigadasi tumanning Nayman oilaviy poliklinikasi binosida yurtdoshlarimizga xizmat koʻrsatdi. Zamonaviy tibbiy uskuna va apparatlar yordamida bir kun davomida yuzlab tuman aholisi tibbiy xizmatlardan foydalanib, salomatligini tekshiruvdan oʻtkazishdi.

Harbiylar tomonidan oʻtkazilgan “Vatanparvarlik karvoni” xalqimiz va armiya oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash, xalq va armiya yakdilligini taʼminlash, yurtdoshlarimiz salomatligini tiklash hamda ularning kayfiyatini koʻtarish kabi ezgu gʻoya va maqsadlarni koʻzlab, navbatdagi manzil tomon yoʻl oladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati