AQSh harbiy delegatsiyasining tashrifi

0
865

O‘zbekiston Respublikasi jahonnning ko‘plab davlatlari bilan barcha sohalar qatori harbiy hamkorlik bo‘yicha ham do‘stona aloqalarni mustahkamlab bormoqda. Kuni kecha Mudofaa vazirligida mamlakatimizga tashrif buyurgan AQSh harbiy delegatsiyasi bilan istiqboldagi harbiy hamkorlik dasturlari bo‘yicha qator rejalar kelishib olindi.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi strategiya, rejalashtirish va siyosat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general Maykl Luis Amann boshchiligidagi harbiy delegatsiya Mudofaa vazirligidagi qabuldan so‘ng «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazida bo‘lib, markaz infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Markazda harbiylarimiz tomonidan xorijlik mehmonlarga tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha turli amaliy mashqlar namoyish etildi.

Shuningdek, AQSh harbiy delegatsiyasi «Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi» davlat korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Luis Amann aviatsiya ta’mirlash zavodining mavjudligi O‘zbekiston armiyasining katta yutug‘i ekanini ta’kidladi.

Mehmonlar kun davomida Qurolli Kuchlar akademiyasida ham bo‘lishib, u yerdagi o‘quv sinflari, kutubxona, ta’lim maskani tarixini aks ettiruvchi muzey, jangovar texnika va o‘qotar qurollardan foydalanish uchun mo‘ljallangan kompyuterlashtirilgan elektron trenajyor xonalarini ko‘zdan kechirishdi.

Muzeyni aylanish jarayonida 3-bosqich kursanti Doniyor Temirovning xorijlik mehmonlarga har bir eksponat tarixi haqida sof ingliz tilida so‘zlab berishi AQSh harbiy delegatsiyasi vakillarida katta taassurot qoldirdi. Aftidan kursantning ingliz tilidagi ravon nutqiga sal-pal ishonqiramagan general Maykl Luis Amann unga mavzudan tashqari savollar bilan murojaat etdi. Ammo iqtidorli kursant AQSh generalining barcha savollariga javob qaytarib, uning gumonlarini tarqatib yubordi.

Maykl Luis Amann akademiyada olib borilayotgan ta’lim tizimiga yuqori baho berdi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi
Axborot vaommaviy kommunikatsiyalar departamenti