General va yoshlar uchrashuvi

0
1140

Mamlakatimiz yoshlarining jamiyatdagi oʻrni, bugungi kun va kelajakdagi yutuqlari davlat miqyosida qoʻllab-quvvatlanib, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koʻrsatmasi bilan Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan viloyat, tuman, shaharlar sektorlari kesimida respublikamizdagi jami 4 million yoshlar otaliqa olindi. Ular bilan muntazam uchrashuvlar tashkillashtirilib, murojaatlari boʻyicha toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirilmoqda.

Kuni kecha “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida mudofaa vaziri oʻrinbosari, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, faxriylar, harbiy xizmatchilar, Olmazor tumani yoshlari hamda aholisi ishtirokida “General va yoshlar uchrashuvi” tashkillashtirildi. Tadbir davomida yosh sportchilarimiz, “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari erishayotgan yutuqlar eʼtirof etildi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bu kabi yutuqlardan har bir yosh oʻrnak olishi, ular ham bunday eʼtirofga loyiq ekanligi taʼkidlandi.

“General va yoshlar uchrashuvi” qaysidir maʼnoda davra suhbati ruhida oʻtib, Olmazor tumani yoshlari hamda aholisi oʻzlarini qiziqtirgan savollar hamda takliflari bilan murojaat qilishdi. Olmazor tumani 15-maktabning 10-sinf oʻquvchisi Asliddin Abdumalikov, oʻzini Muhabbat aya deb tanishtargan onaxon, ikki nafar farzandini sport toʻgaragiga joylashtirishda amaliy yordam soʻragan Dilbar Xudoyberdiyeva va boshqalarga murojaatlar boʻyicha amaliy koʻmak beriladigan boʻldi. Bu murojaatlar Mudofaa vazirligi va Toshkent shahar hamkorligida ijobiy hal etilishi taʼkidlandi.

“General va yoshlar uchrashuvi” dasturi “Vatan tayanchi” otryadining yutuqlarini ifodalovchi videorolik, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan jadidlar haqidagi sahna chiqishi, Isabay Turemuradov tomonidan Vatan himoyachilariga bagʻishlab ijro etilgan qoʻshiq, “Shon-sharaf” muzeyi boʻylab uyushtilgan ekskursiya bilan yanada esda qolarli boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti