“Turon” bolalar oromgohida harbiylar bilan uchrashuv oʻtkazildi

0
1133

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi bilan hamkorlikda Nukus shahrida joylashgan “Turon” bolalar dam olish va sogʻlomlashtirish markazida harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

“Bolalarga bering dunyoni” deb nomlangan festivalda tashkilotchilar bilan birga harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bolajonlar bilan oʻtkazilgan jamoaviy oʻyinlarda ishtirok etdi.

Qurol-aslaha namunalari koʻrgazmasi bolajonlarda harbiylikka katta qiziqish uygʻotdi. Nukus garnizoni faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar bolajonlarda olam-olam taassurotlar qoldirib, qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yanada joʻsh urdirgan bo‘lsa ajab emas.

Garnizon harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan milliy va jahon estradasining kuy-qoʻshiqlar esa yozning issiq kunlarida oromgohda mazza qilib dam olayotgan bolajonlarga quvonch ulashib, bayramona kayfiyatni bagʻishladi.

Kulgi va quvonchga toʻlgan oromgoh sahnasi raqs maydoniga aylanib, barchani oʻziga chorladi. Tadbir davomida dam olayotgan bolajonlar oʻrtasida qoʻshiq aytish boʻyicha tanlov oʻtkazilib, eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati