“Eng ilgʻor boshlangʻich tashkiloti yetakchisi” va “Eng yaxshi yosh kitobxon” koʻrik-tanlovlari o‘tkazildi

0
721

Iqtidorli yosh harbiy xizmatchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida Mudofaa vazirligiga qarashli Boʻstonliq tumanida joylashgan harbiy qismda “Yoshlar forumi” boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda uch kun davom etgan forum, respublikamizning deyarli barcha hududlaridagi harbiy qismlardan saralanib kelgan bir guruh harbiy xizmatchilarning saf koʻrigidan boshlandi. Unda saf tayyorgarligi boʻyicha nazariy bilimlar amalda sinovdan oʻtkazildi.

Shundan soʻng harbiy qism Madaniyat markazida “Eng yaxshi yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi oʻtkazildi. Unda 8 nafar ishtirokchi “Oʻzbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “Badiiy asardan parcha” va “Sheʼriyat” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashuvga kirishdi. Har bir shartlarda ishtirokchilar oʻzlarining bilimini va zukkoligini namoyon qildilar.

Murosasiz va qiziqarli kechgan bellashuvda Qarshi shahrida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchisi oddiy askar Kamolov Doston faxrli birinchi oʻrinni egallab, Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Forumning keyingi kunida “Eng ilgʻor boshlangʻich tashkilot yetakchisi” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda harbiy qismlarda boshlangʻich tashkilot faoliyatini oʻrganish, yetakchilarning bilim va koʻnikmasini oshirish hamda baholash asosiy maqsad qilib olindi. Yoshlar yetakchisining faoliyati davomida erishgan natijalarini baholash, harbiy qismlar oʻrtasida hamkorlik va sogʻlom raqobat muhitini yaratish hamda tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun tanlov Nizom asosidagi shartlar boʻyicha oʻzaro bellashishdi.

Har bir ishtirokchining chiqishlar hakamlar hayʼati tomonidan shaffof va adolatli tarzda baholanib borildi. Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga koʻra, kapitan Xojixonov Komolxon mutlaq gʻolib deb topildi va u ham Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Forum yakunida Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovlarda gʻalaba qozongan yosh harbiy xizmatchilarni tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.