Qarshi shahrida keng qamrovli sayyor qabul oʻtkazildi

0
773

Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismda barcha kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari hamda ularning oila aʼzolari uchun ommaviy sayyor qabul boʻlib oʻtdi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug, Qarshi harbiy prokuraturasi, Qarshi harbiy gospitali, Bandlikka koʻmaklashish markazi, shuningdek, yana bir qancha davlat va jamoat tashkilotlari masʼullari ishtirokidagi uchrashuvlarda murojaatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan yuzlandilar.

Koʻplab murojaatlar harbiy xizmatchilarning band boʻlmagan turmush oʻrtoqlarini munosib ish bilan taʼminlash, uzoq muddatli ipoteka krediti asosida xonadon olish singari masalalar yuzasidan boʻldi. Jami 100 dan ortiq murojaat tinglanib, ularning aksari joyida ijobiy hal etildi. Baʼzi masalalarining yechimi yuzasidan masʼullarga koʻrsatmalar berildi.

Bu kabi sayyor qabullar harbiy xizmatchilarning oʻz vazifalariga yanada sidqidildan yondashishlari hamda harbiy oilalar farovonligini taʼminlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.