Namanganda “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi boshlandi

0
898

Namangan viloyatida “Jasorat maktabi” harbiy oʻquv yigʻinining uchinchi mavsumiga start berildi. Namangan mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazida oʻquv yigʻinining ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda 1-sektorga biriktirilgan Namangan viloyatining shahar va tumanlardan kelgan 100 nafar yoshlar, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, faxriylar, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida okrug qoʻshinlari qo‘mondonligi hamda Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari soʻzga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va keng koʻlamli imkoniyatlar haqida fikr bildirdilar. Harbiy orkestr jamoasi hamda harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari yigʻin ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari hamda aviamodellar koʻrgazmalari namoyish etildi.

Maʼlumot uchun, 10 kun davomida ushbu yigʻin ishtirokchilari bilan harbiy qismda jangovar, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari, tadbirkorlik hamda kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha mashgʻulotlar hamda turli sport oʻyinlari va koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati