“Kelajakni korrupsiyasiz quraylik”

0
676

Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni hamda 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida soha mutaxassislari ishtirokida “Kelajakni korrupsiyasiz quraylik” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish asosiy maqsad etib belgilandi va videoselektr orqali onlayn tarzda qo‘mondonlikka bo‘ysunuvchi barcha harbiy qismlar qamrab olindi.

Tadbir davomida qo‘mondonlik yuridik bo‘lim boshlig‘i adliya mayori Ozodjon Isoqulov tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish, ularga chek qo‘yish, uning salbiy oqibatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunchilikda jazo muqarrarligi ta’kidlab o‘tildi.

Profilaktik tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga yetarlicha javoblar olishdi.

Tadbir so‘nggida “Qonun – muqaddas, jazo – muqarrar” deb nomlangan ijtimoiy rolik namoyish etildi va barchani yana bir bor hushyorlikka chorladi.

Bu kabi profilaktik tadbirlar Navoiy viloyati Karmana tumani, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani va Andijon viloyati Xonobod shahrida joylashgan harbiy qismlarda ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti