Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”da bitiruv tadbirlari o‘tkazildi

0
2470

Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari ishtirokida tantanali ravishda diplom olish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir saf maydoniga davlatimiz bayrog‘i olib kiritilishi bilan boshlandi. Bitiruvchi bosqich o‘quvchilari, ularning ota-onalari hamda barcha yig‘ilganlar tomonidan davlatimiz madhiyasi ijro etilgandan so‘ng, harbiy akademik litsey o‘quvchi yoshlari diplom olish uchun saf tortdilar.

O‘z sohasining yetuk mutaxassislari, malakali ustozlardan barcha kerakli bilimlarni olgan bitiruvchilar diplomlarini qo‘lga olar ekan, his-hayajonga to‘la ko‘ngillaridan g‘urur hamda faxrlanish tuyg‘ulari o‘tayotgani ishonch bilan aytilgan “O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!” degan so‘zlarida o‘z aksini topdi.

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Aybek Saidov, okrug mas’ul ofitserlari, o‘qituvchilar, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari diplomlarni o‘quvchi yoshlarga topshirar ekan, ularga kelgusi faoliyatlarida omad va zafarlar tilashdi.

Tadbirning badiiy qismida taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va konsert dasturiga ulanib ketdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati