Qoraqalpogʻistonda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi qizgʻin kechdi

0
666

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida mahallalardagi yoshlari oʻrtasida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Qoraqalpogʻiston respublikasi bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqada respublikaning Toʻrtkoʻl, Beruniy, Ellikqalʼa, Amudaryo, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Qoraoʻzak, Chimboy, Kegeyli tumanlari va Nukus shahridan jami 100 nafar 17-22 yosh oraligʻidagi yoshlar 10 ta jamoa tarkibida ishtirok etdi. Nizom shartlariga koʻra, jamoalar “Harbiy vatanparvarlik bloki”, “Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki” va “Sport bloki” asosida musobaqalarda kuch sinashdi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolari “Oʻzbekiston tarixi bilimdoni” viktorinasida bilimlarini namoyon etishdi. Shuningdek, “Biz bir jamoamiz!” shartida jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Saf qoʻshigʻi” tanlovi oʻtkazildi.

“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi.

“Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan harbiy-sport musobaqasi shartlariga koʻra, faxrli birinchi oʻrin Kegeyli tumanining “Lochin” jamoasiga nasib etdi va bu jamoa shunqorlari final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Faxrli ikkinchi oʻringa Qoʻngʻirot tumanining “Mahalla” jamoasi, uchinchi oʻringa esa Qoraoʻzak tumanining “Temuriylar” jamoasi munosib topildi.

Shuningdek, musobaqa shartiga koʻra “Eng mohir mergan” nominatsiyasida Beruniy tumani jamoasi aʼzosi Dilshod Bekimbetov, “Eng yaxshi sportchi” nominitsiyasida Kegeyli tumanidan Aqmaral Karimbayeva taqdirlandi. “Eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasida ham Kegeyli tumani jamoasi vakili Manshuk Joʻldasbayeva tengsiz ekanini isbotladi.

Gʻolib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan kubok, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati