“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining hududiy bosqichi yakunlandi

0
1035

2024-yilning mart oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda bir qator vazirlik va idoralar oʻrtasida imzolangan “Shunqorlar” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining mahalla, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlari oʻtkazilishi belgilangan.

Hozirga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining mahalla, tuman (shahar), hududiy bosqichlari oʻtkazilib, ularda 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 12 mingga yaqin yoshlar qamrab olindi. Oʻtgan yili ushbu koʻrsatkich 7 ming nafarni tashkil etgan edi. Bu esa yoshlar orasida mazkur oʻyinlarning taʼsir doirasi naqadar kengayib, tobora ommalashib borayotganidan dalolat beradi.

“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarida yoshlar uch bosqichdan iborat sinovlardan oʻtkaziladi:

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolarining Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlari tekshiriladi. Shuningdek, saf qoʻshigʻi va “Biz — bir jamoamiz!” koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi.

“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashadilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajaradilar.

“Sport bloki”da duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashadilar.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ham maʼnan, ham jismonan kamol toptirishga qaratilgan mazkur oʻyinlarning respublika bosqichi 2024-yil 21-22-iyun kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi dala oʻquv maydonida oʻtkazilishi belgilangan. Unda gʻolib boʻlgan jamoa, anʼanaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining koʻchma kubogi bilan taqdirlanadi.

Mazkur oʻyinlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati