Qashqadaryo va Surxondaryoda “Vatan manzumasi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlari o‘tkazildi

0
1142

Respublikamiz boʻylab qator vazirliklar bilan hamkorlikda oʻtkazib kelinayotgan “Vatan manzumasi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirining navbatdagi manzili Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan musiqali drama teatri bo‘ldi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qarshi garnizonida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilari hamda ularning oila aʼzolari, faxriy harbiylar, kuch tuzilmalari vakillari, shahar ahli tashrif buyurgan tadbirda elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar, shoir va yozuvchilar oʻz ijod guldastalarini taqdim etdilar.

Badiiy bezaklar, soz va soʻz uygʻunligi, yuksak ijodiy mahorat bilan tayyorlangan kompozitsiyalar barchaga birdek yuqori kayfiyat ulasha oldi desak xato boʻlmaydi.

Har bir ijodiy chiqish zamirida Vatan tuygʻusini mustahkamlash, yoshlar ongida bugunidan minnatdorlik, ertasiga ishonch hislarini oshirish kabi teran maqsadlar mujassam ekani alohida olqishga sazovor, albatta.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Termiz sahridagi sanʼat saroyidaham  “Vatan manzumasi” madaniy-maʼrifiy kechasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ona Vatan, tinch va osuda hayotimizni oʻz jonidan aziz bilgan mard harbiylarning tabarruk xotirasi yodga olindi.

Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya ashula va raqs ansambllarining chiqishlari ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi. Badiiy-musiqiy dastur Oʻzbekistonimizni koʻz qorachigʻidek asrashga, tinch va osoyishta, toʻkin, farovon kunlarning qadriga yetishga daʼvat etgani bilan ahamiyatli boʻldi.