“Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
733

“Yoshlar oyli” doirasida Toshkent harbiy okrugi, Bo‘ka tumani hokimligi, Sirdaryo harbiy prokuraturasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda “Vatan tayanchi” otryad a’zolari bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda umumta’lim muassasalardagi Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari, “Vatan tayanchi” otryad a’zolari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda asosan  yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida voyaga yetkazish, erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida Bo‘ka tumanidagi 55 nafar “Vatan tayanchi” otryad a’zolariga oliy harbiy bilim yurtlariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh faol yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan tashakkurnoma va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, viloyatda 888 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, 852 ta maktabda Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘tiladi. Mazkur fan o‘qituvchilari rahbarligida ushbu maktablarda “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 14 150 nafardan ziyod yoshlar harakat a’zoligiga qabul qilingan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyala
r departamenti