Joylarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilmoqda

0
1578

Bugungi kunda barcha vazirlik va idoralar singari Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha “Yoshlar oyligi” munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida joylashgan Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining madaniyat saroyida Gʻuzor va Nishon tumani 1-sektor kesimidagi otaliqqa olingan yoshlar va muddatli harbiy xizmatchilari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbirda harbiy qism komandirlari, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi hamda “Talimarjon” IES rahbariyati va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqanlar, oʻzlarining bosib oʻtgan hayot yoʻllari, xizmat faoliyati, yoshlarga berilayotan keng imkoniyatlar xususida maʼruzalar qilishdi. Shuningdek, oʻzlari rahbarlik qilayotgan tashkilotlarning imkoniyatlari va Qurolli Kuchlarmizdagi o‘zgarishlar to‘g‘risida maʼlumotlar berishdi.

Ochiq muloqot va samimiy suhbat tarzida oʻtgan tadbir soʻnggida yoshlarga harbiy qism qoʻmondonligi va zavodlar rahbariyatining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ta’kidlash kerakki, bunday tadbir Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida ham tashkil etildi. Harbiy qismga biriktirilgan mahallalardan tashrif buyurgan yoshlarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish, harbiy xizmatning oʻziga xos xususiyatlari va imtiyozlari haqida maʼruzalar qilindi.